Til insonlar o‘rtasidagi turli munosabatlar, aloqa-aralashuvning asosiy vositasi, milliyatni namoyon qiluvchi, davomiylikni ta’minlovchi muhim omillardan biridir. Millat deganda, tabiiy ravishda, shu millatga xos so‘zlashuv tili, til deganda, shu millat vakillari ko‘z oldimizda gavdalanadi. Masalan, o‘zbek millati desak, o‘zbek tilida so‘zlashuvchi, turk millati desak, turk tilida so‘zlashuvchi xalq tushuniladi. Xullas, bu tushunchalar o‘zaro uyg‘un va yaxlit ikki qutbdir. Shunga ko‘ra, til ham millat bilan bir maqomda e’tirof etiladi, e’zozlanadi.
Mamlakatimizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi o‘rni va ahamiyatini oshirish, uni zamon talablari asosida rivojlantirish masalasi milliy o‘zligimizni anglash, millat ruhini saqlab qolish, yorug‘ kelajagimizni ta’minlashning eng muhim omilidir. Jamiyatimiz hayotida davlat tilining qo‘llanish doirasi tobora kengayib, u xalq dilining chinakam ko‘zgusiga aylanmoqda. “21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan barcha milliy tilga muhabbat va ehtiromini o‘ziga xos ko‘rinishda namoyon etmoqda.
Jumladan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida joriy yilning 23-oktyabr kuni Ijro apparati xodimlari o‘rtasida milliy qadriyatlarimizga muhabbat tuyg‘ularini rivojlantirish, davlat tilining amaliy ahamiyatini oshirishga qaratilgan diktant yozish bo‘yicha savodxonlik tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovni "O'zbekgidroenergo" AJ Boshqaruv raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va davlat tilini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi S. Po‘latova ochib berdi hamda qatnashchilarni milliy til bayrami bilan qutlagan holda, tanlov mazmuni, shartlari va Komissiya a’zolari bilan tanishtirib o‘tdi.
““Suv energiyasi” va yangilanib borayotgan atamalar” mavzusida tanlangan matn barcha ishtirokchilarni o‘z sohasi hamda o‘zbek tilshunosligi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar va uyg‘unlik jihatlari bilan yaqindan tanishtirishga ham munosib hissa qo‘shdi. Oʻzbekiston Ryespublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 5850-son Farmoniga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari, jumladan, ijro etuvchi hokimiyat organlarida davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini toʻliq joriy etish borasidagi amaliy harakatlar doirasida bu kabi savodxonlik tanlovlarining ham o‘z o‘rni va ahamiyati mavjud.
O‘zbek tilining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda to‘laqonli joriy etilishi hamda faol qo‘llanishini ta’minlashga, shuningdek, namunali ishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan ushbu tadbir har bir ishtirokchida yozma savodxonlikka jiddiy e’tibor qaratish barobarida, davr bilan hamnafas bo‘lish mas’uliyatini ham yuklaydi.
Diktant natijalariga ko'ra, jamiyatimiz rejalashtirish-iqtisodiyot bo'limi xodimi S.A.Urazbayev yozgan diktant ishi faxrli 1-o'ringa loyiq ko'rildi va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.