“O‘zbekgidroenergo” AJda ham ijtimoiy-ma’naviy masalalarga alohida e’tibor qaratilib, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, munosib mehnat sharoitlari yaratib berish, ma’naviy tafakkurini boyitish, daxldorlik va mas’ulligini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida, 2024-yil 28-mart kuni Jamiyat tizim korxona-tashkilotlarining ma’viy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ullari hamda Boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitalari raislari uchun onlayn o‘quv-amaliy seminar tashkil qilindi.
Seminarni Boshqaruv raisi maslahatchisi S. Po‘latova ochib berdi va barcha qatnashchilarni yurtimizda nishonlanayotgan ayyomlar bilan qutlagan holda, belgilangan masalalarga birma-bir to‘xtalib o‘tdi. Seminarning 1-qismi tizimda ijtimoiy yo‘nalish va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili, muammo va yechimlarga bag‘ishlandi. S. Po‘latova so‘nggi yillarda Jamiyatda ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan ustuvor vazifalarni batafsil tushuntirib berdi.
Bu boradagi samarali ishlar natijasi o‘laroq, Jamiyat xalqaro ESG reytingini qo‘lga kiritganligini alohida ta’kidladi hamda qatnashchilarga ESG – ekologik, ijtimoiy, korporativ boshqaruv tamoyillarining asosiy mazmun-mohiyati, maqsad-yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. Bunda xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, salomatligini mustahkamlash, gender tenglik talablariga rioya qilish, bepul tushliklar bilan ta’minlash, ishga kelib-ketish (yo‘lkira) xarajatlarini qoplab berish, nogironligi bo‘lgan yoki boquvchisini yo‘qotgan ishchi-xodimlar uchun himoya va imtiyozlarni kengaytirish, korxonalar hududidagi tomorqa maydonlaridan samarali foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.
S.Po‘latova seminar davomida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturida belgilangan ijtimoiy-ma’naviy yo‘nalishdagi vazifalar hamda ularni tizimda amalga oshirish xususida ham to‘xtalib o‘tdi. Bu boradagi asosiy chora-tadbirlar rejalashtirib olindi.
Shuningdek, “O‘zbekgidroenergo” AJ tizim korxona-tashkilotlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha mas’ullari uchun onlayn o‘quv-amaliy seminar tashkil qilindi.
Seminarni Boshqaruv raisi maslahatchisi S. Po‘latova olib bordi. Seminarda tizim hisobotlariga ma'sul mutaxassis N.Xolmatova tomonidan, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g'risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha me’yoriy hujjatlar holati, “Yo‘l xarita”lari asosida chora-tadbirlar rejalariga mas’uliyat bilan yondashayotgan eng namunali korxona sifatida "O'ZSUVLOYIHA" aksiyadorlik jamiyatimizga alohida to‘xtalib o‘tildi va hisobotlarni yuritish faoliyatimizga juda ijobiy baho berildi. Shu bilan birga jiddiy kamchiliklarga va loqaydlikka yo‘l qo‘yayotgan korxonalar ogohlantirildi.
Seminarda S. Po‘latova tizimda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi bo‘yicha ham o‘z fikrlarini bildirdi. Korxonalarda barcha ichki va tashqi yozuvlar, ko‘rgazmali targ‘ibot vositalari, ish yuritish hujjatlari, lavozim yo‘riqnomalarining davlat tilida, lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida tayyorlanishi, imlo qoidalari talablariga javob berishi muhimligini tushuntirdi. Shu o‘rinda, Jamiyat tomonidan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markaziga taqdim etilgan reja asosida tizimdagi belgilangan ishchi-xodimlar malaka oshirishini to‘liq ta’minlash hamda malaka oshirish xarajatlarini o‘rnatilgan tartibda qoplab, tegishli sertifikatlarni o‘z muddatida olish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan bir qatorda, korxona-tashkilotlarning ma’muriy binolarida ma’naviyat xonalari tashkil qilinishi, badiiy-ma’rifiy kitoblar bilan ta’minlanishi yuzasidan ham tavsiyalar berdi hamda seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
S. Po‘latova seminar davomida Hukumatning yuqoridagi bayon va farmonlarida belgilangan ijtimoiy-ma’naviy yo‘nalishdagi vazifalar hamda ularni tizimda amalga oshirish bo‘yicha asosiy chora-tadbirlar xususida ham atroflicha to‘xtaldi.