
Bugun, 15-aprel kuni “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda Ijro apparatining to‘liq tarkibi, tarkibiy tizim korxona va tashkilotlari rahbarlari hamda masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda 2024-yil I choragida energiya hosil qiluvchi korxonalar, qurilish direksiyalari, aksiyadorlik jamiyatlari, MCHJlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi hamda jiddiy muhokama qilindi.

Videoselektorda ijro apparatining barcha tizim korxona va tashkilotlari va albatta "O'ZSUVLOYIHA" AJning rahbar va xodimlari ishtirok etdi. Yig'ilishda 2024-yil I choragi hisobotlari tanqidiy ruhda muhokama qilindi.

Jamiyat Boshqaruvi raisi A. Sanginov tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha qayd etilgan xato va kamchiliklarni tezkor va sifatli bartaraf etish lozimligi alohida qayd etildi. Xususan, rejaviy elektr energiya ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini past darajada bajargan korxonalar rahbarlari jiddiy ogohlantirilib, belgilangan ishlab chiqarish rejasini to‘liq bajarish, mavjud kamchiliklarni oqilona bartaraf qilishi zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, yangi barpo etilayotgan GESlar obyektlaridagi qurilish direksiyalari rahbarlariga qurilish-montaj ishlarini belgilangan muddatlarda bajarish, zaruriy qurilish materiallari zaxirasini to‘ldirish, barqaror va izchil ish jarayonini taʼminlash vazifalariga jiddiy eʼtibor berish lozimligi tayinlandi. Tizim korxonalari va tashkilotlariga o‘z moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini har tomonlama tartibga solish, soliq siyosati va amaldagi qonunchilikka to‘liq rioya qilish, xodimlarning o‘rtacha oylik maoshlarini oshirish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlarni ko‘rish yuklatildi. Yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator rahbar xodimlar jiddiy ogohlantirildi. Tadbir yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.