
“O‘zbekgidroenergo” AJning 2024-yil 30-yanvardagi “Jamiyat tarkibidagi tizim korxonalarida 2024-yilda sohaviy yo‘nalishlarda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 10-son buyrug‘ining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan reja grafik asosida, bugun, 19-aprel kuni “Gidroproyekt” AJ majlislar zalida Jamiyat kadrlar boshqarmasi, Nazorat bo‘limi va Devonxonasi bilan hamkorlikda o‘quv-amaliy seminari o‘tkazildi. "O'ZSUVLOYIHA" AJ xodimlari ham unda ishtirok etishdi.

Seminarning asosiy maqsadi – “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi korxonalarning sohaviy yo‘nalishlarida, xususan, yangi Mehnat kodeksini amaliyotda qo‘llanishi, hujjatlar bilan ishlashda ish yuritish tartib-qoidalari, hujjatlar ijro nazorati, arxiv ishi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida faoliyat olib borayotgan masʼul xodimlarning sohaga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirish, amaliyotda uchraydigan bir qator muammoli vaziyatlarga oid batafsil maʼlumot olish, shuningdek o‘zaro tajriba almashish hamda xodimlarning malakasini oshirishga qaratildi.

Mazkur seminar tizim korxonalaridan sohaviy yo‘nalishlar bo‘yicha (xodimlar bilan ishlash, devonxona va ijro nazorati bo‘limlari) masʼul xodimlar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish o‘quv markazi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazildi.

Seminarda quyidagi mavzular koʻrib chiqildi:
- O‘zbekiston Respublikasining yangi “Mehnat kodeksi”ni amaliyotda qo‘llash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar, yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar to‘g‘risida;

- O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni va qonun osti hujjatlari asosida ishlash tartib-qoidalari to‘g‘risida;

- Hujjatlarni to‘liq tartibda edo.ijro.uz elektron dasturida yuritish va ichki elektron arxivni yaratish to‘g‘risida;

- Hujjatlar ijrosini taʼminlashda nazorat uchun masʼul xodimning vazifalari xususida.
Mutaxassislarning chiqishlari yig‘ilish qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi, ko‘plab savollarga huquqiy jihatdan qonun bilan asoslantirilgan javoblar berilib, muhokama har ikki tomon faol ishtirok etdi.